Toshkentda yangi qurilayotgan uyda 6 kishining jasadi topildi. O‘lim sababi is gazidan zaxarlanish deb taxmin qilinmoqda

Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi yangi qurilayotgan uyda 25-oktabr kuni olti kishi taxminlarga ko‘ra, gazdan zaharlanish oqibatida vafot etdi.
Gazeta’ning xabar qilishicha, soat 09:53 da “112” xizmatiga Alisherobod mahallasi Anaybuloq ko‘chasidagi xonadonda to‘qqiz kishi xushsiz holatda topilgani haqida xabar kelib tushgan. Hodisa tabiiy gaz bilan ta’minlangan 8 sotix maydonga ega, qurilayotgan ikki qavatli uyda sodir bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, olti kishi noma’lum etiologiyali zaharlanish oqibatida vafot etgan. Yana ikki nafar jabrlanuvchi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib borilgan. Markaz 25-oktabr kuni bemorlar reanimatsiyada ekanini ma’lum qilgan.
To‘qqizinchi shaxsning ahvoli o‘sha paytda qoniqarli deb baholangan.
E’lon qilingan ro‘yxatga ko‘ra, halok bo‘lganlar 1982, 2008, 2008, 2004, 2000 va 2000-yillarda tug‘ilgan erkaklar bo‘lib, shifoxonaga olib ketilgan jabrlanuvchilar esa 2000 va 2008-yillarda tug‘ilgan.
Ularning barchasi Qoraqalpog‘istonning Amudaryo va Ellikqal’a tumanlarida yashagan.
Hodisa joyiga Favqulodda vaziyatlar vazirligi, prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa idoralar xodimlari yetib borgan.
IIV sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan va tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilayotganini ma’lum qilgan.
Xabarda 25-oktabrdan buyon Bosh prokuratura va Favqulodda vaziyatlar vazirligidan sodir bo‘lgan hodisa sabablari va tekshiruv borishi haqida rasmiy izohlar olishning imkoni bo‘lmagani keltirilgan.







