Toshkentda transformatorni ta‘mirlayotgan erkak yonib ketdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Mirobod tumani Nukus ko‘chasidagi “Parkwood” turar joy majmuasi yaqinida erkak yonib ketgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Toshkent shahar elektr tamoqlari kkorxonasi rasmiy bayonot berdi.
Qayd etilishicha, transformator punktida yong‘in yuzaga kelgani va mazkur holat «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Toshkent shahar hududiy filiali mutaxassislari hamda O‘zenergoinspeksiyaning Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan o‘rganilgan.
O‘rganishlar natijasida mazkur transformator punkti iste’molchi balansida ekani, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Toshkent shahar hududiy filiali, jumladan, Mirobod tuman elektr ta’minoti korxonasi balansida emasligi aniqlandi.
Shuningdek, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa iste’molchining o‘ziga tegishli elektr xodimi ta’mirlash ishlarini olib borayotgan vaqtda fazalararo qisqa tutashuv yuzaga kelishi oqibatida sodir bo‘lgan. Mazkur xodim Mirobod tuman elektr ta’minoti korxonasi xodimi emas.
“Elektr qurilmalarida ta’mirlash ishlarini belgilangan xavfsizlik talablari va tartiblariga qat’iy rioya qilgan holda amalga oshirish lozim. Shu munosabat bilan, mazkur hodisani “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Toshkent shahar hududiy filiali faoliyati bilan bog‘lovchi xabarlar tasdiqlanmaganini ma’lum qilamiz”, — deyiladi bayonotda.







