Qoraqalpog‘istonda yangi gaz va kondensat koni topildi

Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanida joylashgan Qoratau maydonida sanoat ahamiyatiga ega tabiiy gaz va kondensat zaxiralari aniqlandi. Bu haqda O‘zbekneftgaz xabar qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 3-oktabr kuni 1-sonli izlov qudug‘ini sinash jarayonida quyi yura qatlamlaridan gaz va kondensat oqimi olingan. Ustyurtning markaziy qismidagi maydonda quduq 4 860 metr chuqurlikkacha burg‘ilangan. Gaz va kondensat 3 213–3 273 metr oralig‘idagi qatlamlardan olingan. Shu tariqa Qoratau gazkondensat koni ochilgan.
Rejaga ko‘ra, yil oxirigacha 2-sonli izlov qudug‘ini burg‘ilash yakunlanadi, shuningdek, 3- va 4-sonli izlov-qidiruv quduqlarida ishlar boshlanadi. Kompaniya Qorataudagi natijalar Ustyurtning chuqur qatlamlarini o‘rganish bo‘yicha yangi istiqbolli yo‘nalishlarni belgilashga yordam berishini bildirdi.







