Qirg‘iziston sobiq prezidentining o‘g‘li 4 yilga qamaldi

“Sotsial-demokratlar” partiyasi vakili bo‘lgan Atambayev hokimiyatni zo‘rlik bilan egallashga urinishda aybdor deb topilib, 4 yilga ozodlikdan mahrum etildi va uning mol-mulki musodara qilinadigan bo‘ldi.
Ushbu jinoyat ishi bo‘yicha partiya yetakchisi Temirlan Sultonbekov ham sudlanib, avvalgi jazolari qisman qo‘shilishi natijasida yakuniy 7 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Har ikkala siyosatchi 2025-yilning noyabr oyida qo‘lga olingan bo‘lib, sud qaroriga ko‘ra Sultonbekovning ham mol-mulki musodara etiladi.
Qodirbek Atambayev o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni mutlaqo rad etmoqda. Uning ta’kidlashicha, ish avvaliga “ommaviy tartibsizliklarga chaqirish” moddasi bilan boshlanib, keyinchalik og‘irroq moddaga qayta malakalangan hamda tergov hujjatlarida uning ijtimoiy tarmoqlarda oziq-ovqat narxlari va energetika muammolari haqida yozgan tanqidiy postlari ham dalil sifatida keltirilgan.
Ma’lumot uchun, uning otasi – sobiq prezident Almazbek Atambayev 2023-yilning fevral oyida qamoqdan ozod etilganidan so‘ng davolanish maqsadida Qirg‘izistonni tark etib, Ispaniyaga jo‘nab ketgan edi.









