Qashqadaryoda 138 mln dollarlik loyiha doirasida ikkita shifoxona qurilishi boshlandi

Qashqadaryo viloyatining Qarshi va Beshkent shaharlarida umumiy qiymati qariyb 138 mln dollarlik loyiha doirasida jami 900 o‘rinli ikkita ko‘p tarmoqli shifoxona qurilmoqda. UNOPS ma’lumotiga ko‘ra, muassasalar hududdagi 3,4 mln aholining tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Loyiha doirasida Qarshida 600 o‘rinli, Beshkentda esa 300 o‘rinli shifoxona barpo etilmoqda. Ularning umumiy maydoni qariyb 85,6 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Qarshidagi muassasa yiliga 1,12 mln, Beshkentdagisi esa 840 ming bemor tashrifini qabul qilish quvvatiga ega bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Bu jami yiliga qariyb 2 mln tashrif degani bo‘lib, ko‘rsatkich alohida bemorlar sonini emas, muassasalarga murojaatlar hajmini anglatadi.
Shuningdek, shifoxonalarni zamonaviy diagnostika uskunalari bilan jihozlash, raqamli tibbiyot tizimlarini joriy etish va xodimlarni o‘qitish ham rejalashtirilgan. UNOPS ma’lumotiga ko‘ra, raqamli tizimlar bemorlar haqidagi ma’lumotlarni yuritishni tartibga solish, kutish vaqtini qisqartirish va tibbiyot xodimlarining ish jarayonini yaxshilashga xizmat qilishi kutilmoqda. Xodimlarga yangi diagnostika uskunalaridan foydalanish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha amaliy ta’lim beriladi.
.png&w=3840&q=75)
Moliyalashtirish ikki bosqichni qamrab oladi. Dastlabki tayyorgarlik va loyihalashtirish ishlari uchun O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 11,3 mln dollar ajratilgan. Amalga oshirish bosqichiga esa 127,1 mln dollar yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Shundan 84,6 mln dollari Islom taraqqiyot banki, 42,5 mln dollari Abu Dabi taraqqiyot jamg‘armasi hissasiga to‘g‘ri keladi. Demak, qariyb 138 mln dollarlik umumiy qiymat faqat qurilishni emas, tayyorgarlik, jihozlash va boshqa loyiha ishlarini ham o‘z ichiga oladi.
Beshkentdagi 300 o‘rinli shifoxonani rivojlantirish bo‘yicha kelishuv Sog‘liqni saqlash vazirligi, Abu Dabi taraqqiyot jamg‘armasi va BMTning Loyihalar bo‘yicha xizmati — UNOPS o‘rtasida 2026-yil 7-avgustda imzolangan. Hujjat umumiy loyihaning Beshkentga tegishli qismini qamrab oladi. Qarshi va viloyatdagi tibbiy infratuzilmani rivojlantirish hamda telemeditsina xizmatlarini joriy etishga oid boshqa ikki komponent bo‘yicha kelishuvlar esa 2025-yil noyabrda imzolangan.
.png&w=3840&q=75)
Beshkentdagi yangi shifoxona amaldagi infratuzilmaning o‘rnini egallaydi. UNOPS ma’lumotida mavjud binolar konstruktiv va seysmik xavfsizlik, foydalanish imkoniyati hamda zamonaviy tibbiy xizmat talablariga javob bermasligi qayd etilgan. Yangi muassasada akusherlik, pediatriya, jarrohlik, yuqumli kasalliklar, patologiya va ambulator yordam xizmatlari yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Tayyorgarlik bosqichi 2024-yil iyunidan 2025-yil apreligacha davom etgan. Bu davrda texnik-iqtisodiy asoslar, arxitektura va muhandislik loyihalari ishlab chiqilgan, ekologik baholash o‘tkazilgan hamda Beshkentdagi qurilish maydoni tayyorlangan. Loyihalarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulayliklar va energiya samaradorligi talablari ham hisobga olingan.
UNOPSning yangi xabarida qurilish ishlari boshlanayotgani qayd etilgan, biroq har bir obyekt bo‘yicha ishlarning aniq boshlanish sanasi va shifoxonalarni foydalanishga topshirish muddati ko‘rsatilmagan.









