Peshlavhalarni tashqi reklama sifatida baholash rasman to‘xtatildi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tashqi reklamani joylashtirish tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi.
Ushbu qarorga muvofiq, tadbirkorlik subyekti o‘zi egallab turgan bino yoki inshootning tashqi tomonida, jumladan, kirish qismida joylashtirgan nomi va faoliyat turi haqidagi axborot (peshlavha) tashqi reklama hisoblanmaydi. Bu peshlavhada ko‘rsatilgan firma nomi, tovar yoki xizmat ko‘rsatish belgisiga ham taalluqli bo‘lib, ular uchun reklama joyi pasportini rasmiylashtirish talab etilmaydi.
Yuridik shaxslar o‘zlariga mulk yoki boshqa ashyoviy huquq asosida tegishli avtotransport vositalariga tovar belgisi, faoliyat turi hamda mahsulot va xizmatlari haqidagi reklamani soddalashtirilgan tartibda joylashtirishi mumkin.
Buning uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YIDXP) orqali elektron xabarnoma yuborish kifoya. Xabarnoma qabul qilingach, tegishli vakolatli organlar avtomatik ravishda xabardor qilingan hisoblanadi va tizimda reklama joyi pasporti shakllantiriladi. Uni rasmiylashtirish uchun yig‘im undirilmaydi.
Agar xabarnomada noto‘g‘ri ma’lumotlar yoki boshqa shaxslarga tegishli tovar belgilari ko‘rsatilgani aniqlansa, pasport avtomatik ravishda bekor qilinadi va yuridik shaxsga asoslantirilgan xat yuboriladi.
Shuningdek, reklama joyi pasportidan ixtiyoriy voz kechish uchun YIDXP orqali ariza yuborish imkoniyati yaratildi. Bu haqdagi ma’lumotlar soliq organlariga avtomatik yetkaziladi.
Qaror bilan qisqa muddatli reklamalarni joylashtirish muddatlari ham aniqlashtirildi. Xususan, qurilish obyektlarida reklama qurilish ishlari yakunlanguniga qadar, bayram va boshqa tadbirlarga oid reklamalar esa 30 kungacha joylashtirilishi mumkin.
Tashqi reklama obyektlariga qo‘yiladigan “dizayn-kod” talablarini o‘zgartirish tartibi ham qayta ko‘rib chiqildi. Endilikda bunday qarorlar jamoatchilik muhokamasidan, jumladan, regulation.gov.uz portalidagi muhokamadan o‘tkazilgandan keyingina qabul qilinadi va e’lon qilinganidan uch oy o‘tib kuchga kiradi.
Bunda ro‘yxatdan o‘tgan tovar belgisidan foydalanish imkoniyati saqlanishi shart. Toshkent shahrining “dizayn-kodi” 10-dekabrga qadar tadbirkorlar va ommaviy axborot vositalari ishtirokida muhokama qilinadi.
Qarorda tashqi reklama obyektlarini majburiy demontaj qilish tartibi ham belgilandi. Unga ko‘ra, demontaj sanasi va vaqti haqida ikki kun oldin veb-saytda e’lon berilishi, obyekt egasiga esa yozma xabar yuborilishi kerak.
Demontaj ishlari faqat ish kunlari soat 09:00 dan 18:00 gacha amalga oshiriladi. Qo‘mita axborotiga ko‘ra, jarayonda obyekt egasi ishtirokida dalolatnoma tuzilib, unda demontaj sanasi, vaqti, sababi, fotosuratlar hamda konstruksiya saqlash uchun yuborilgan manzil qayd etiladi.
Bundan tashqari, tadbirkorlarga tegishli qarorlar va xabarnomalar ularning yuridik manziliga yozma ravishda ham yuboriladi.
Tashqi reklama obyektlarining joylashtirilishi ustidan jamoatchilik nazorati “Xalq nazorati” elektron portali orqali amalga oshiriladi.








