Musulmonlar uchun sun’iy intellektdan foydalanish va fatvolarga oid yagona platforma yaratilishi mumkin

Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi mezbonlik qilgan tadbirda AQSH, Rossiya, Indoneziya, BAA, Qatar, Qozog‘iston, Afg‘oniston va boshqa o‘nlab davlatlarning fatvo markazlari vakillari ishtirok etgan.
Muloqot davomida diniy masalalarda ziddiyatli talqinlarning oldini olish, yoshlarning e’tiqodiy savollari, oila instituti muammolari hamda migratsiya va terrorizmga qarshi kurash kabi dolzarb mavzular muhokama qilindi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Shayx Nuriddin Xoliqnazar zamonaviy muammolarga shariat mezonlari va mo‘tadillik tamoyillari asosida yechim topish, shuningdek, internet tarmog‘ida asossiz fatvolar tarqalishiga chek qo‘yish zarurligini ta’kidladi. Shu maqsadda O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari fatvo hay’atlari tomonidan tasdiqlangan hujjatlar uchun yagona raqamli platforma yaratish, internetda fatvo e’lon qilish va sun’iy intellektdan foydalanish mezonlarini ishlab chiqish, shuningdek, malakali faqihlarni tayyorlash bo‘yicha qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish tashabbuslarini bildirdi. Tadbir ishtirokchilariga Misr Fatvo uyining “Imom Qarofiy” mukofotiga loyiq ko‘rilgan O‘zbekiston Fatvo markazi tajribasi ham taqdim etildi.
Anjuman doirasida O‘zbekiston va Turkiya diniy idoralari vakillari o‘rtasida ikki tomonlama muzokaralar ham o‘tkazildi. Uchrashuv yakunida tomonlar ziyorat turizmini rivojlantirish, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida ko‘p tomonlama aloqalarni mustahkamlash hamda boshqa ustuvor yo‘nalishlarda o‘zaro sheriklikni kengaytirishga kelishib oldi.







