O‘zbekistonda tansoqchilik, virtual “SOS” va dronlar orqali kuzatuv kabi sakkizta yangi qo‘riqlash xizmati joriy etiladi

So‘nggi o‘n yil ichida mamlakatda ijtimoiy va savdo obyektlari soni 150 mingdan 500 mingtaga, uy-joylar 1,5 milliondan 8 milliontaga, tun-u kun ishlaydigan xizmat ko‘rsatish ko‘chalari esa 255 taga yetgani sababli mavjud qo‘riqlash mexanizmlari aholi va tadbirkorlarning o‘sib borayotgan talabini to‘liq qondira olmayotgani ta’kidlandi.
Shu bois sohadagi beshta axborot tizimini birlashtiruvchi “Raqamli qo‘riqlash” yagona platformasini ishga tushirish hamda sun’iy intellekt yordamida xavf-xatarlarni oldindan aniqlash mexanizmini yo‘lga qo‘yish taklif etildi.
Taqdimotda amaldagi oltita yo‘nalishga qo‘shimcha ravishda sakkizta yangi xizmat turini joriy etish rejalari ko‘rib chiqildi. Ular qatoriga xonadonlarga zamonaviy nazorat qurilmalari o‘rnatish, mobil telefonlar orqali virtual “SOS” tugmasidan foydalanish, investorlar, sayyohlar va tadbirkorlarga tansoqchilik xizmati ko‘rsatish, oilaviy tadbirlarda jamoat tartibini saqlash, dronlar yordamida kuzatuv olib borish hamda mavsumiy obyektlarni qo‘riqlash kiritilgan. Shuningdek, ko‘p qavatli uylarga domofon va tashvish tugmalarini o‘rnatish hamda yangi qurilayotgan binolarni qo‘riqlash vositalari bilan jihozlash bo‘yicha yagona standartlar belgilanadi.
Sohada xususiy sektor ishtirokini kengaytirish va texnik qurilmalarni mahalliylashtirish darajasini 30 foizdan 60 foizga olib chiqish orqali jihozlar tannarxini 1,7 barobar arzonlashtirish ko‘zda tutilmoqda. Milliy gvardiya tomonidan qo‘riqlanishi mumkin bo‘lgan obyektlar toifasi 13 tadan 24 taga kengaytirilib, 2027-yilda qo‘riqlanadigan obyektlar sonini 600 mingtaga, tezkor guruhlar sonini 800 taga yetkazish hamda qo‘shimcha 1,5 mingta mahallada patrullik xizmati va 8 mingta yangi ish o‘rni yaratish maqsad qilingan. Davlat rahbari mutasaddilarga aholi uchun sifatli va hamyonbop qo‘riqlash xizmatlarini tashkil etish yuzasidan aniq topshiriqlar berdi.







