O‘zbekistondagi o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino va inshootlar uchun 68,6 milliard so‘m jarima qo‘llanildi

Senatning 20-yalpi majlisida ma’lum qilinishicha, ushbu holatlarning 624 tasida ma’muriy choralar ko‘rilib, belgilangan jarimalarning umumiy summasi 68,6 milliard so‘mni tashkil etgan.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tizimidagi korrupsiyaviy xavflarni o‘rganish jarayonida 95 ta past, 10 ta o‘rta va 1 ta yuqori xavfli yo‘nalishlar belgilandi. Shu bilan birga, davlat xaridlaridagi “Masofaviy audit” mexanizmi orqali 3 milliard so‘mlik tender qonunbuzilishining oldi olindi va yana 869,5 million so‘mlik materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirildi.
Sohada nazoratni kuchaytirish va inson omilini kamaytirish maqsadida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi bir qator davlat elektron bazalari bilan integratsiya qilindi. Shuningdek, sohadagi 105 ta eskirgan normativ-texnik hujjatlar qayta ko‘rib chiqilib, ularning 76 tasidan majburiy maqom olib tashlandi.
Yig‘ilish yakunida senatorlar faqat oqibatlar bilan kurashmay, qonunbuzilishlarga imkon berayotgan tizimli omillarni bartaraf etish hamda davlat xaridlarida shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha vazirlikka tegishli topshiriqlarni yukladi.







