O‘zbekistonda 9 oyda 1 441 ta poraxo‘rlik holati fosh etildi

O‘zbekistonda 2026-yilning to‘qqiz oyida korrupsiyaga oid 6 809 ta jinoyat aniqlangan. Ularning 1 441 tasi poraxo‘rlik bilan bog‘liq. Bu haqda 9-oktyabr kuni Ichki ishlar vazirligining matbuot anjumanida vazir o‘rinbosari Ramazon Ashropov ma’lum qildi.
Hisobot davrida talon-toroj qilish va o‘zlashtirish bo‘yicha 1 166 ta, noqonuniy valyuta operatsiyalari bo‘yicha 387 ta, firibgarlik bilan bog‘liq 1 603 ta jinoyat qayd etilgan. Shuningdek, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash doirasida 5 064 ta jinoyat aniqlanib, 122 ta jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yilgan.
To‘qqiz oyda giyohvandlik va psixotrop moddalar bilan bog‘liq 1 393 ta jinoyat fosh etilgan. Noqonuniy muomaladan 3 tonna 357 kilogramm giyohvandlik vositasi olib qo‘yilib, 319 ta narkolaboratoriya aniqlangan. Bundan tashqari, 2 120 kvadrat metr maydondagi taqiqlangan o‘simliklar yo‘q qilingan.
IIV ma’lumotiga ko‘ra, shu davrda oldini olish mumkin bo‘lgan 24 828 ta jinoyatning oldi olingan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4 021 taga kam. Voyaga yetmaganlar ishtirokidagi jinoyatlar 5,5 foizga, ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 20,7 foizga, yoshlar ishtirokidagi jinoyatlar esa 24 foizga qisqargan.
Ichki ishlar organlari, shuningdek, avval sodir etilgan, ammo ochilmay qolgan 20 mingdan ortiq jinoyatni fosh etgan. Qidiruvda bo‘lgan qariyb 8 ming kishi ushlangan, bedarak yo‘qolgan 4 863 nafar fuqaro oilasiga qaytarilgan.








