“O‘zbekiston pochtasi” xususiylashtiriladimi? Wildberries va Uzum Market kompaniyaga qiziqish bildirgan

“O‘zbekiston pochtasi” AJ atrofida kompaniyaning xususiylashtirilishi va Wildberries tomonidan 100 milliard so‘mlik mablag‘ ajratilishi haqidagi xabarlar tarqaldi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bu xabarlarning ayrim qismlariga aniqlik kiritdi.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, “O‘zbekiston pochtasi” ustav kapitalidagi davlat tashkilotlari, korxonalar va tijorat banklariga tegishli jami 92,9 foizlik davlat ulushi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga to‘liq o‘tkazilgan.
Shu bilan birga, Wildberries va Uzum Market kompaniyaning davlat ulushini sotib olishga qiziqish bildirgan. Biroq hozircha “O‘zbekiston pochtasi”ni xususiylashtirish bo‘yicha hech qanday hujjat rasmiylashtirilmagan. Ya’ni kompaniyaning davlat ulushi hozircha sotilmagan va uning xususiylashtirilgani haqidagi xabarlar tasdiqlanmagan.
Wildberries 100 mlrd so‘m taklif qilgan, ammo bu sotib olish uchun emas
Xususiylashtirish masalasidan tashqari, “O‘zbekiston pochtasi” va Wildberries bilan bog‘liq yana bir muhim masala — 100 milliard so‘mlik qarz.
Muzokaralar davomida Wildberries tarkibidagi “WB INT EXPORT” MChJ “O‘zbekiston pochtasi”ga Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasida 100 milliard so‘m qarz berishga tayyorligini bildirgan.
Bu mablag‘ kompaniyaning moddiy-texnik bazasini yangilash, transport vositalari va texnikalar xarid qilish, pochta tarmog‘ini kengaytirish hamda bino va inshootlarni modernizatsiya qilishga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Mazkur kelishuv qonunchilik bo‘yicha yirik bitim hisoblangani sababli aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi kun tartibiga kiritilgan. Biroq foiz stavkasi, qarz miqdori va uni qaytarish grafigi bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishilmagan.
Shu sababli 2026-yil 21-sentabr kuni o‘tkazilgan navbatdan tashqari aksiyadorlar umumiy yig‘ilishida 100 milliard so‘mlik qarz bo‘yicha qaror qabul qilinmagan. Demak, “O‘zbekiston pochtasi” 100 milliard so‘m qarz oldi” degan xabar hozircha noto‘g‘ri. Qarz shartlari to‘liq aniqlashtirilgach, masala qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
Shuningdek, WB INT EXPORT vakillarining “O‘zbekiston pochtasi” Kuzatuv kengashiga jalb etilgani ham kompaniyaning xususiylashtirilganini anglatmaydi. Rasmiy izohga ko‘ra, ularning kengashga kiritilishidan maqsad zamonaviy korporativ boshqaruv tizimini joriy etish va kelgusida jalb qilinishi mumkin bo‘lgan investitsiya mablag‘larining maqsadli sarflanishini nazorat qilishdan iborat.
Nega “O‘zbekiston pochtasi”ga investitsiya kerak?
Kompaniya hozir murakkab moliyaviy va transformatsiya bosqichini boshdan kechirmoqda. So‘nggi uch yilda “O‘zbekiston pochtasi”ning o‘rtacha sof foydasi 800 million so‘m, rentabellik darajasi esa atigi 0,2 foiz bo‘lgan.
2026-yilning dastlabki olti oyida kompaniya tushumi 313,6 milliard so‘mni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17 foizga kam.
Kompaniyaning bank qarzdorligi esa 45,3 milliard so‘mni tashkil etmoqda.
Bundan tashqari, yo‘l harakati qoidalari buzilgani haqidagi qarorlarni pochta orqali yetkazib berish xizmati 16-maydan to‘xtatilgan. Ushbu xizmatning to‘xtashi natijasida yilning to‘qqiz oyi yakunlari bo‘yicha 1,7 milliard so‘m zarar ko‘rilishi kutilmoqda.
Kompaniyani modernizatsiya qilish uchun 300 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ kerak
Elektron tijorat bozorining tez rivojlanishi “O‘zbekiston pochtasi” infratuzilmasini yangilash zaruratini kuchaytirmoqda.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, kompaniyani modernizatsiya va raqamlashtirish loyihalarini amalga oshirish uchun 300 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ zarur.
Bu mablag‘ yuk tashuvchi va elektr transport vositalarini xarid qilish, saralash markazlari va IT-infratuzilmani yangilash, qo‘shimcha pochtamatlar o‘rnatish hamda pochta obyektlarini ta’mirlashga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Shu sababli kompaniya xususiy investorlar va yirik elektron tijorat platformalari bilan hamkorlik qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.
Uzum ham “O‘zbekiston pochtasi”ga investitsiya kiritishga qiziqish bildirgan. Shuningdek, Uzum Market’dagi buyurtmalarning bir qismini pochta infratuzilmasi orqali yetkazib berish hajmini oshirish imkoniyati ham muhokama qilingan.








