O‘zbekiston Osiyo o‘yinlarida o‘yinlarini 70 ta medal bilan kuchli beshlikda yakunladi

O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyada o‘tkazilgan Aichi–Nagoya–2026 XX yozgi Osiyo o‘yinlaridagi ishtirokini yakunladi. Sportchilar 21 ta oltin, 25 ta kumush va 24 ta bronza — jami 70 ta medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 5-o‘rinni egalladi.
Bu natija Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar orasida eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. O‘zbekiston jamoasi Osiyo o‘yinlarida ketma-ket uchinchi bor kuchli beshlikdan joy oldi.
Musobaqada kurashchilarimiz 4 ta oltin va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, yetakchilik qildi. Erkaklar boks terma jamoasi umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Dzyudo va taekvondo WT jamoalari esa ikkinchi bo‘ldi.
Osiyo o‘yinlarida qit’aning 45 mamlakatidan 11 mingga yaqin sportchi ishtirok etdi. O‘zbekiston atletlari orasida, jumladan, Shohsanam Sherzodova, O‘tkirbek Jo‘rayev, Sita Qadamboyeva, To‘rabek Habibullayev, Barnoxon Sayfullayeva, Sharifa Davronova, Aytjan Xalmaxanov, Jasurbek Jaysunov, Shahzod Nurmatov va Sobir Safaraliyev kabi yosh sportchilar o‘zlarini ko‘rsatdi. Milliy olimpiya qo‘mitasi bu holat Los-Anjeles–2028 yozgi Olimpiya o‘yinlari oldidan jamoalarda avlodlar almashinuvi muvaffaqiyatli kechayotganini ko‘rsatishini qayd etdi.
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi sportchilar, murabbiylar, federatsiyalar mutaxassislari va delegatsiya muvaffaqiyati yo‘lida mehnat qilgan barcha insonlarni tabrikladi. Qo‘mita O‘zbekiston sharafini himoya qilib, xalqimizga quvonch va faxr ulashgan atletlarga minnatdorlik bildirdi.









