O‘zbekiston NASA bilan bevosita muzokaralar o‘tkazdi

Antaliyada o‘tayotgan 77-Xalqaro astronavtika kongressi (IAC-2026) doirasida O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida kosmik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.
Muzokarada Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, Uzcosmos agentligi direktori Shuhrat Kadirov hamda NASA administratori o‘rinbosari Mett Anderson hisobida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida kosmik texnologiyalarni rivojlantirish, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlaridan foydalanish hamda Yerni masofadan turib kuzatish bo‘yicha amaliy loyihalarni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, ilmiy-tadqiqot ishlarini birgalikda olib borish hamda soha uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Muzokaralarning muhim mavzularidan biri 2028-yilda Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan IAC-2028 kongressida NASAning ishtiroki bo‘ldi. Ushbu xalqaro anjuman doirasida ikki tomonlama ilmiy-texnik tashabbuslar va qo‘shma loyihalarni keng jamoatchilikka namoyish etish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar yo‘nalishida uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlash hamda yangi istiqbolli tashabbuslarni ilgari surishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.








