Noyabrdan suyultirilgan gaz narxi 5 ming so‘mga oshishi kutilmoqda

Vazirlar Mahkamasining sohada bosqichma-bosqich bozor mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan qarori loyihasida ma’lum qilinishicha, gaz yetkazib berish xizmati hamda jalb etilgan xususiy tadbirkorlar tomonidan amalga oshiriladi.
Yangi tartibga ko‘ra, narx oshishi oqibatida ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash uchun har bir kilogramm gaz uchun 3 ming so‘mdan, ya’ni oyiga ko‘pi bilan 60 ming so‘mgacha kompensatsiya ajratiladi. Mazkur moddiy yordam Ijtimoiy reyestrdagi oilalarga, har bir a’zosining daromadi minimal iste’mol xarajatlarining ikki baravaridan oshmaydigan xonadonlarga hamda yetim bolalar tarbiyalanayotgan oilalarga 2030-yilgacha taqdim etiladi.
Kompensatsiyani olish uchun fuqarolar Davlat xizmatlari markazlariga, “Inson” markazlariga, mahalla xodimlariga murojaat qilishlari yoki “Ijtimoiy karta” ilovasi orqali ariza topshirishlari mumkin. Gaz xaridi tasdiqlangach, mablag‘lar avtomatik ravishda fuqaroning ijtimoiy kartasiga o‘tkazib beriladi. Shuningdek, bir xonadonda bir nechta oila yashagan taqdirda, o‘rganishlar o‘tkazilib, alohida gaz ballonlari ajratilishi ham nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, tegishli vazirliklarga 2027-yil 1-mayga qadar suyultirilgan gaz narxlarini davlat tomonidan tartibga solishdan voz kechish va narxlarni to‘liq erkinlashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash topshirig‘i berilmoqda.








