MIB: “Dok-1 Maks”dan jabrlanganlarga to‘lanishi kerak bo‘lgan 78 mlrd kompensatsiyadan 16,7 mlrd so‘mi to‘landi

“Dok-1 Maks”dan jabrlangan 85 nafar fuqaro foydasiga sudlarning ijro hujjatlariga asosan qarzdor S.Kariyev va boshqalardan jami 78 mlrd. so‘m zarar undirish to‘g‘risidagi ijro ishlari mavjud. Hozirga qadar zararning 16,7 mlrd so‘m to‘landi. Bu haqda MIB xabar berdi.
Ijro harakatlari davomida, qarzdor S.Kariyevga tegishli - Chilonzor tumani, 1-qatortol MFY, Qatortol 3-tor ko‘chasidagi turar joy binolari va “Beshyog‘och” MFY, Furqat ko‘chasidagi noturar joy binosi xatlanib, onlayn-auksion savdolariga chiqarilgan.
“Shundan, “Beshyog‘och” MFY, Furqat ko‘chasidagi noturar joy binosi auksion savdolarida sotilib, 793 mln so‘m pul mablag‘lari kelib tushgan, narxi 7,1 mlrd so‘mga baholangan Chilonzor tumani, 1-qatortol MFY, Qatortol 3-tor ko‘chasidagi turar joy binolari bo‘yicha bugungi kunda auksion savdolari davom etmoqda”, deyiladi MIB xabarida.
Auksion savdolari orqali kelib tushgan va qarzdor S.Kariyevning oila a’zolari tomonidan to‘langan pullar hisobidan 85 nafar fuqaroga jami 16,7 mlrd so‘m mablag‘ “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunning 80-moddasiga asosan teng taqsimlab berilgan.
Hozirgi kunda qarzdor S.Kariyev va boshqalardan jami 61,3 mlrd so‘m zarar undirish bilan bog‘liq ijro ishlari bo‘yicha majburiy ijro harakatlari davom ettirilmoqda.atlari davom etmoqda.
“Dok-1 Maks” bilan bog‘liq mojaro: o‘zi nima bo‘lgan edi?
2022-yil oxirida O‘zbekistonda “Dok-1 Maks” va “Ambronol” siroplarini ichgan bolalar orasida zaharlanish holatlari qayd etildi. Tergov va tekshiruvlarda dorilar tarkibidan inson salomatligi uchun xavfli etilenglikol va dietilenglikol moddalari aniqlangani, “Dok-1 Maks” namunalarining bir qismi sifat talablariga javob bermagani ma’lum bo‘ldi. Dori Hindistonning “Marion Biotech” kompaniyasida ishlab chiqarilib, O‘zbekistonga “Quramax Medical” orqali olib kirilgan. Oqibatda 69 nafar bola vafot etgani, yana 23 nafari turli darajada nogiron bo‘lib qolgani xabar qilingan.
Nogiron bo‘lib qolgan bolalar orasida ko‘rish va eshitish qobiliyatini yo‘qotgan, hatto mustaqil o‘rnidan turolmaydiganlari bor. Ayrimlarida asabiylik va sovuq tushganda siydikni tutolmaslik holatlari kuzatilgani aytiladi.
Mazkur ish bo‘yicha sudlar bir necha shaxsni aybdor deb topib, jabrlanganlar va vafot etgan bolalarning yaqinlariga ma’naviy zarar uchun kompensatsiya belgilagan. Biroq to‘lovlar uzoq vaqt to‘liq undirilmagani sababli, 2026-yilda besh jabrlanuvchining vakillari dori ishlab chiqaruvchi “Marion Biotech” va uni yetkazib beruvchi “Quramax”dan ham zarar undirishni so‘rab sudga murojaat qilgan. Keyingi ma’lumotga ko‘ra, 85 nafar fuqaro foydasiga undirilishi belgilangan 78 mlrd so‘mdan 16,7 mlrd so‘mi to‘langan, qolgan mablag‘ni undirish ishlari davom etmoqda.







