Koreya kemasozlik sohasida ishlaydigan o‘zbekistonliklarga 1600 dollardan ortiq maosh taklif qilmoqda

Saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar Farg‘onadagi KOICA markazida bepul o‘qitiladi, ularning o‘qish va yotoqxona xarajatlari agentlik tomonidan qoplanadi.
Tanlovda ishtirok etish uchun nomzodlar 1992–2006-yillar oralig‘ida tug‘ilgan bo‘lishi, 2026-yilda EPS-TOPIK imtihonidan yetarli ball to‘plagan hamda SPAS bazasida tegishli muddatga ega hujjatlari mavjud bo‘lishi talab etiladi. Hujjatlar qabuli 6-oktabrdan 23-oktabrgacha Migratsiya agentligining hududiy filiallarida amalga oshiriladi.
Sinov va suhbat bosqichlaridan o‘tgan fuqarolar uchun o‘quv kurslari 2026-yilning 16-noyabridan 2027-yilning 5-fevraligacha davom etadi. Tayyorgarlikdan so‘ng Koreyada mehnat faoliyatini boshlagan ishchilar uchun minimal oylik ish haqi 2,156 million von (taxminan 1605 dollar) miqdorida belgilangan.
Muqaddam Janubiy Koreyada tartib-qoidani buzgan, noqonuniy maqomda bo‘lgan yoki soxta hujjatlar taqdim etgani sababli vizasi rad etilgan shaxslarning arizalari ko‘rib chiqilmaydi. Minimal talablarga javob bermagan nomzodlar Koreya tomoni qarori bilan loyihadan chiqariladi.









