Istanbulda yuz bergan sel oqibatida 14 yoshli bola halok bo‘ldi

Istanbulda 14-oktabr kuni kuchli yomg‘ir oqibatida yuz bergan sel paytida Fatih tumanining Balat mahallasida 14 yoshli bola halok bo‘ldi. Valilik ma’lumotiga ko‘ra, bola yomg‘irdan hosil bo‘lgan suvli ko‘lmakda elektr urishidan vafot etgan. Voqea yuzasidan tekshiruv boshlangan.
Istanbul valisi Davut Gülning aytishicha, soat 06:00 dan 20:00 gacha shaharda 1 277 joyda suv bosgan, 15 ta ko‘chki bo‘lgan. 47 kishi qamalib qolgan. Shu vaqt ichida AFAD va 112 ga 2 518 ta murojaat tushgan. Zarar ko‘rgan obyektlar orasida 808 ta uy, 280 ta ishxona va 76 ta mashina bor.
Eng ko‘p yomg‘ir Beykoz tumanidagi Ömerli hududiga yog‘gan. Suv Esenler, Zincirlikuyu va Topkapı metro bekatlari hamda ayrim yerosti o‘tish joylariga kirgan. Sarıyer va Kağıthane ko‘chalari yomg‘ir suviga to‘lgan. Sultangazi’da maktabning tayanch devori qulagan, o‘quvchilar jarohatlanmagan.
Vali aholidan zarurat bo‘lmasa uydan chiqmaslikni so‘radi. Yerto‘la xonadonlarda yashovchilarga yuqori qavatlarga chiqish, daryo o‘zanlari va yerosti yo‘llaridan uzoq turish tavsiya qilindi. 15-oktabr, payshanba kuni Istanbuldagi barcha rasmiy va xususiy ta’lim muassasalarida yuzma-yuz darslar bir kunga to‘xtatildi. Nogiron, homilador xodimlar va yosh bolali onalar ma’muriy ta’tilga chiqarildi. Mototsikl va ikki g‘ildirakli transport 14-oktabr soat 21:00 dan keyingi buyruqgacha taqiqlangan.
Ichki ishlar vaziri Mustafa Çiftçi shaharda taxminan 8 000 xodim va 2 000 texnika ishlayotganini aytdi. Meteorologiya ma’lumotlariga ko‘ra, 14–16-oktabr kunlari 48 viloyatga sariq, 5 viloyatga to‘q sariq ogohlantirish berilgan. Yog‘in ayniqsa Marmara mintaqasida kuchli bo‘lishi kutilmoqda.









