Fotih Jalolov Muqimiy teatri direktori etib tayinlandi

Madaniyat vazirligining tegishli buyrug‘iga asosan amalga oshirilgan tayinlovdan so‘ng, madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev yangi direktorni teatr jamoasiga rasman tanishtirdi.
1963-yilda tug‘ilgan Fotih Jalolov 1984-yilda Toshkent teatr-rassomchilik institutini tamomlagan va mehnat faoliyatini ushbu dargohda pedagog sifatida boshlagan. U faoliyati davomida Madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi o‘rinbosari, “O‘zbekfilm” AJ direktori vazifasini bajaruvchi hamda Madaniyat vazirligi huzuridagi Xalqaro festivallar direksiyasi rahbari kabi qator mas’uliyatli lavozimlarda mehnat qilgan.
Sohadagi ko‘p yillik boshqaruv tajribasidan tashqari, u tomoshabinlarga aktyor sifatida ham yaxshi tanish. Fotih Jalolov “O‘yin”, “Sardor”, “Osmondagi bolalar 2”, “Dilxiroj”, “Bomba” hamda “Oq bino oqshomlari” kabi ko‘plab mashhur badiiy filmlarda rollar ijro etgan.
Ma’lumot uchun, 2023-yilning fevral oyidan buyon teatrni O‘zbekiston va Qozog‘istonda xizmat ko‘rsatgan artist Azim Mullaxonov boshqarib kelayotgan edi. Undan avval esa mazkur lavozimda 2021-yil aprelida vafot etgan O‘zbekiston xalq artisti Mirza Azizov o‘rniga tayinlangan Aleksandr Bekjonov faoliyat yuritgan.








