Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarish hajmi oshirildi 65 foizgacha yetkaziladi

5-oktyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga neft-gaz tarmog‘idagi yirik loyihalar taqdimot qilindi. Unda Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining ishlab chiqarish hajmini oshirish va moliyaviy holatini yaxshilash bo‘yicha ishlar haqida axborot berildi.
Asosiy texnologik qurilmalar ta’mirlangach, zavodda dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish 30 foizga, bitum 60 foizga, aviakerosin ishlab chiqarish esa 5 barobarga oshgan. Yil oxirigacha zavod quvvatidan foydalanish darajasini 40 foizdan 65 foizga yetkazish, keyinchalik esa yanada oshirish rejalashtirilgan. Buning uchun korxonani xomashyo bilan barqaror ta’minlash, mavjud quvvatlardan samarali foydalanish va qarzdorlikni kamaytirish choralari ko‘riladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanida joylashgan Qoratau maydonida sanoat ahamiyatiga ega tabiiy gaz va kondensat zaxiralari aniqlangani xabar qilingan edi.







