Endi O‘zbekiston fuqarolari Qozog‘istonga kirish uchun elektron ruxsatnoma olishi majburiy bo‘ladi

Yangi qoidalarga ko‘ra, vizasiz rejim amal qiluvchi davlatlar, jumladan O‘zbekiston fuqarolari ham safardan kamida 72 soat oldin maxsus platforma orqali bepul elektron ruxsatnoma rasmiylashtirishlari shart bo‘ladi.
Hujjat raqamli tizim orqali shaxsni tasdiqlash jarayonidan o‘tilgandan so‘ng beriladi va 180 kun davomida amal qiladi. Chegara nazoratida esa ariza topshirilgan pasportni ko‘rsatish yetarli hisoblanadi. Shuni ta’kidlash joizki, ruxsatnomaning 180 kunlik muddati mamlakatda uzluksiz qolish huquqini bermaydi, bo‘lish muddatlari amaldagi kelishuvlarga muvofiq saqlanib qoladi.
Yangi tizimni joriy etish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Xususan, 2026-yil 1-noyabrdan sinov tariqasida Aqtau aeroporti va ayrim nazorat-o‘tkazish punktlarida, 2027-yil boshidan Ostona va Olmaota aeroportlarida ishga tushiriladi. 2027-yil 1-iyulgacha ruxsatnomaning yo‘qligi uchun chegara radi berilmaydi, biroq ko‘rsatilgan muddatdan so‘ng ruxsatnomasiz shaxslar mamlakat hududiga kiritilmasligi mumkin.
Ushbu tartib barcha fuqarolarga birdek taalluqli emas. 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar, 65 yoshdan oshgan shaxslar hamda Qozog‘istonda vaqtincha yashash ruxsatnomasi, amaldagi vizasi yoki yashash guvohnomasiga ega bo‘lgan xorijliklar elektron ruxsatnoma olish majburiyatidan ozod etiladi.
Avvalroq Misrga borayotgan o‘zbekistonliklarga yangi talablar joriy etilgan edi.









