Bashar Asad ag‘darilgach, Makron Damashqqa kelgan Yevropa Ittifoqining ilk yetakchisi bo‘ldi

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron kecha, 6-iyul kuni Suriyaga tashrif buyurdi. Bu haqda “Bloomberg” nashri xabar berdi.
Bu – 2024-yilda Prezident Ahmad ash-Sharaa boshchiligidagi isyonchilar Bashar Asad hokimiyatini ag‘darganidan buyon, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari rahbarlarining Damashqqa ilk tashrifi hisoblanadi. Sobiq “Al-Qoida” qo‘mondoni bo‘lgan, hozirda esa G‘arb va Yaqin Sharq davlatlari bilan aloqalarni tiklashga intilayotgan Ahmad ash-Sharaa rahbarligida ushbu tashrif Suriyaning geosiyosiy mavqei o‘zgarganini ko‘rsatadi.
Makron Damashq aeroportida mamlakat Tashqi ishlar vaziri Asad ash-Shayboni tomonidan kutib olingan.
“Men bu yerga Fransiyaning Suriya xalqiga bo‘lgan sadoqatini tasdiqlash uchun keldim. Suveren, xilma-xilligini saqlagan va qo‘shnilari bilan tinch-totuv yashaydigan Suriya uchun. Birgalikda barqarorlik va tinchlikning yangi sahifasini ochaylik”, deb yozgan Makron o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Tashrifning asosiy mavzularidan biri urushdan vayron bo‘lgan Suriyani qayta tiklash bo‘ldi. Shu sababli, Emmanuel Makronga TotalEnergies va CMA CGM kompaniyalari rahbarlari hamrohlik qilmoqda.
Fransiya tomonining bildirishicha, Makron erkin, ko‘p millatli va barcha jamoalar huquqlarini hurmat qiladigan Suriyani qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlaydi hamda turli qatlam vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.






