AQShda yana maktab otishmasi: 16 yoshli o‘smir 3 bola va bir o‘qituvchini otib o‘ldirdi

AQShning Oregon shtati, Bend shahridagi boshlang‘ich maktabda 16 yoshli o‘smir otishma sodir etdi. Oqibatda uch bola va bir o‘qituvchi halok bo‘ldi. Yana bir bola va o‘qituvchi og‘ir yaralandi. Hujumchining o‘zi ham maktab ichida otib o‘ldirildi.
Voqea 15-oktabr, mahalliy vaqt bilan soat 13:00 atrofida Silver Rail Elementary maktabida sodir bo‘ldi. Halok bo‘lgan bolalar 5, 8 va 11 yoshda. Og‘ir ahvolda shifoxonaga olib ketilganlar 7 yoshli bola va 54 yoshli o‘qituvchi bo’lgan.
Bend politsiyasi boshlig‘i aytishicha, birinchi 911 qo‘ng‘irog‘i soat 12:59 da tushgan. Noma’lum shaxs maktab tashqarisida mashinaga uzun stvolli quroldan o‘q uzgan. Bir daqiqa ichida maktab ichidan o‘nlab qo‘ng‘iroqlar kelgan. Politsiya soat 13:02 da joyida bo‘lgan. Shu payt hujumchi allaqachon otib o‘ldirilgan edi.
Politsiyasi boshlig‘i ma’lum qilishicha, o‘smir qulflangan eshiklarni o‘qqa tutib maktabga kirgan. Uni maktabga kirayotganini ko‘rgan mahalla a’zosi ortidan kirib, o‘q uzgan. Politsiya hujumchiga oid barcha ma’lumotlarni to’playotganini bildirdi.
Hujumchi Bend aholisi bo’lgan. Bolada qurol nasosli miltiq bo‘lgan va uni onasi sotib olgani ma’lum bo’ldi. Lekin politsiya bu tafsilotni hali rasman tasdiqlamagan. Oregon qonunida miltiq va nasosli miltiq olish uchun 18 yosh, pistolet uchun 21 yosh talab qilinadi.
O‘quvchilar avtobuslarda yaqin atrofdagi ibodatxona binosiga olib borilgan va ota-onalarga shu yerda topshirilgan. Xabarlarga ko‘ra, 15-oktabr kuni barcha maktablar, mashg‘ulot va sport tadbirlari bekor qilindi.
Oregon gubernatori Tina Kotek hujumni to‘xtatgan fuqaroga minnatdorlik bildirgan. FBI va ATF tergovga qo‘shilgan. ATF qurol izini kechqurun olgan. Politsiyasi boshlig‘i tergov uzoq davom etishini va maktab atrofida bir necha kun katta kuch qolishini bildirgan.








