2026-yilning dastlabki 9 oyida 77 mlrd so‘m noqonuniy chetga chiqib ketishining oldi olindi

Ichki ishlar vazirligida kiberxavfsizlikni ta’minlash, kiberjinoyatchilikning oldini olish hamda bu borada belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan tezkor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Toshpo‘latov rahbarligida vazir o‘rinbosarlari hamda sohaviy xizmatlarning mas’ullari ishtirok etdi.
Vazirlik tizimida 2026-yil “Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish yili” deb e’lon qilinib, aniq va maqsadli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Jumladan, Markaziy bank bilan hamkorlikda yaratilgan maxsus tizim orqali bank kartasidan o‘zlashtirilgan pullarni to‘xtatish (bloklash) mexanizmi yo‘lga qo‘yilgani natijasida joriy yilning 9 oy davomida 77 mlrd 344 mln so‘mning noqonuniy chetga chiqib ketishining oldi olindi hamda 43 001 ta jinoyatga aloqador bank kartalari bloklandi.

Joriy yilda jami 17 483 ta kiberjinoyat fosh etildi, 5 600 ta jinoyat tashabbus asosida aniqlandi va 19 mingdan ortiq fuqaroga yetkazilgan 209 mlrd 934 mln so‘mdan ziyod moddiy zarar qaytarildi.
Fuqarolarning bank hisob varaqlaridan mablag‘larni noqonuniy yechib olishga yo‘naltirilgan 38 mingdan ortiq “fishing” zararli dasturlari to‘xtatilib, 668 mingdan ortiq fuqaroning qurilmalari hamda pul mablag‘lari talon-torojdan himoyalandi.
Internet monitoringi natijasida 6 771 ta ma’lumot o‘rganilib, 3 192 ta xavfli resurs bloklandi, 1 446 ta firibgarlikka undovchi zararli havolalar faoliyatiga chek qo‘yildi.
Kibermakonda taqiqlangan materiallarni tarqatgan 335 nafar shaxs ma’muriy va 1 011 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortildi.
Shuningdek asosiy e’tibor, mazkur turdagjinoyatlarningni oldini olishga qaratilib, joriy yilning o‘zida 532 075 ta targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi, internetning o‘zbek segmentida 2 565 ta ogohlantiruvchi kontent yaratildi va 650 ta resursda muntazam joylashtirildi, axborot maydonida kiberxavfsizlik madaniyatini shakllantirish ishlari jadallashtirildi.
Shu bilan birga, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bugungi kun talablariga to‘liq javob bermasligi tanqid qilindi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib Markaziy bank va tijorat banklari bilan hamkorlikni kuchaytirish, antifrod tizimi imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda internet-firibgarlikni barvaqt aniqlash va oldini olish choralarini oshirish vazifalari belgilab berildi.
“APK Qo‘riqchi” platformasini amaliyotga keng joriy etish, uning imkoniyatlaridan samarali foydalanish va aholi o‘rtasida kiberxavfsizlik bo‘yicha targ‘ibot ishlarini maqsadli amalga oshirish, aholining firibgarlik usullari va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish qoidalari haqida xabardor qilish va profilaktik ishlarini samaradorligini oshirish talab qilindi.
Shu bilan birga, Toshkent shahri, Toshkent, Andijon, Buxoro va Samarqand viloyatlarida kiberxavfsizlikni ta’minlash borasidagi ishlar talab darajasida tashkil etilmagani tanqid qilindi.
Yig‘ilish yakunida mutasaddilarga kiberjinoyatchilikning oldini olish borasida zamonaviy axborot platformalarini amaliyotga keng joriy etish va aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini kuchaytirish hamda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligini muntazam tahlil qilib borish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.









