15 yillik stajga ega 125 nafar tibbiyot xodimiga uy-joy subsidiyasi beriladi

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, saralash bosqichi 2026-yilning 9-oktyabr kuni soat 10:00 da o‘tkaziladi.
Ipoteka krediti asosida birlamchi bozor xonadonlarini xarid qilish maqsadida uchinchi chorak davomida jami 4 728 ta ariza kelib tushgan. Maxsus komissiya tekshiruvlaridan so‘ng, ularning 1 657 tasi belgilangan talablarga to‘liq javob berishi aniqlandi va elektron reyestrga kiritildi.
Belgilangan tartibga muvofiq, g‘oliblar ushbu saralangan nomzodlar orasidan maxsus dastur yordamida avtomatik va tasodifiy ravishda aniqlanadi. Jami 125 nafar tibbiyot xodimiga uy-joy subsidiyasi ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Saralash jarayoni www.ins-subsidiya.imv.uz platformasida o‘tkazilib, vazirlikning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida jonli efirda uzatiladi. Tanlov natijalari ariza ID raqamlari kesimida e’lon qilinadi va har bir nomzod o‘z arizasi holatini my.gov.uz portali orqali kuzatib borishi mumkin.








