Toshkentda Parij tajribasi asosida yangi Xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi

Tegishli qaror 16-oktabr kuni imzolangan bo‘lib, yangi oliygoh Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining Parij xalqaro moda akademiyasi bilan hamkorlikdagi qo‘shma dasturi negizida barpo etiladi.
Yangi akademiyada o‘quv jarayonlari 2026/2027-o‘quv yilidan e’tiboran yo‘lga qo‘yiladi. Amaldagi qo‘shma dasturda tahsil olayotgan talabalar o‘qishini ushbu akademiyada davom ettirib, bitiruvda uning diplomini olishadi. OTMga qabul umumiy tartibda amalga oshirilib, bakalavriat hamda magistratura yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlash huquqi beriladi.
2027/2028-o‘quv yilidan boshlab esa sohaga ixtisoslashgan texnikumlarni yuqori baholar bilan tamomlagan bitiruvchilarga akademiyaning bakalavriat bosqichiga 3-kurstdan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirish imkoni yaratiladi.
Shuningdek, tarmoq korxonalari buyurtmasi asosida dual ta’lim shakli va davlat buyurtmalari uchun kiyim dizaynlarini ishlab chiqish yo‘lga qo‘yiladi.
Akademiyaga jalb etiladigan xorijiy mutaxassislar va chet ellik talabalar uchun ko‘p martalik viza rasmiylashtirish tartibi soddalashtiriladi. Bundan tashqari, 2028-yil oxiriga qadar davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida akademiya uchun 400 o‘rinli zamonaviy talabalar turar joyi barpo etilishi belgilangan.









