Toshkent tumani hokimi o‘rinbosari 25 ming dollar pora bilan qo‘lga olindi

Toshkent tumani hokimi o‘rinbosari yer maydoni olib berish evaziga tadbirkordan 25 ming AQSH dollari olayotgan paytda qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Toshkent viloyati Toshkent tumani hokimi o‘rinbosari tadbirkorga qurilish texnologiyalari va kompozit eshiklar ishlab chiqarish sanoat majmuasi tashkil etishi uchun tuman hokimligi balansida bo‘lgan 1 gektar yer maydonini davlat aktivlarini boshqarish tizimidagi tanishlari orqali auksion savdolarga chiqarib, olib berish evaziga 25 ming AQSH dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda hokim o‘rinbosari so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan mazkur mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “g” bandi (Juda ko‘p miqdorda firibgarlik) hamda 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda pora berishda ishtirokchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.







