Toshkent metrosi uchun 14 ta yangi poyezd xarid qilinadi

Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi poytaxt metropoliteni uchun 14 ta besh vagonli poyezd (jami 70 ta vagon) xarid qilish loyihasi konsepsiyasini maʼqulladi. Loyihani Toshkent metropoliteni tayyorlagan.
Konsepsiyani ishlab chiqish jarayonida olti vagonli poyezdlar sotib olish varianti ham koʻrib chiqilgan. Biroq Toshkent metropolitenidagi mavjud bekatlar platformalarining uzunligi taxminan 100 metrni tashkil etadi. Shu sababli olti vagonli poyezdlarni qabul qilish uchun bekatlarni qayta qurish talab etilishi mumkin. Standart vagonlar uzunligini hisobga olganda, besh vagonli poyezdlar mavjud platformalarga mos kelishi qayd etilgan.
Shuningdek, poyezdlar mavjud infratuzilmaga mos boʻlishi, rels oraligʻi 1520 mm, kontakt relsidan quvvatlanishi 825 V, maksimal tezligi esa hozirgi tarkiblardagi kabi 90 km/soat boʻlishi lozim.
Konsepsiyada xalqaro ishlab chiqaruvchilarning tijorat takliflari va xalqaro bitimlari asosida yettita variantning narxi, moliyalashtirish shartlari hamda loyihaning umumiy qiymati solishtirilgan.
Ularga Xitoyning CRRC, Yaponiyaning Kawasaki Rail Car, Ispaniyaning CAF, Fransiyaning Alstom, Rossiyaning GTR (Transmashholding), Chexiyaning Škoda Transportation va Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyalari kiradi.
Konsepsiyadagi hisob-kitoblarga koʻra, poyezdlarni yetkazib berish, depo va texnik xizmat koʻrsatish inshooti hamda moliyaviy xarajatlarni oʻz ichiga olgan loyihalarning umumiy qiymati quyidagicha:

Konsepsiyada poyezdlar narxi bilan birga kredit qiymati va qoʻshimcha xarajatlarni ham hisobga olish zarurligi taʼkidlangan. Unda Xitoyning CRRC, Rossiyaning “Global transport yechimlari” va Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyalari takliflari eng maqbul deb koʻrsatilgan.
Yetkazib beruvchi hali tanlanmagan. Kompaniya va kredit shartlariga qarab, loyiha qiymati $168,6 mln dan $356,2 mln gacha boʻlishi mumkin.
Konsepsiyaga koʻra, loyihaning investitsiyadan birinchi bosqichi 2026-yil davomida amalga oshirilishi va 12 oygacha davom etishi rejalashtirilgan. Bu bosqichda poyezdlarni yetkazib berish, ularni qabul qilish va foydalanishga topshirish, shuningdek, depo hamda texnik koʻrik punktlarini tashkil etish bilan bogʻliq masalalar nazarda tutilgan.
Poyezdlarni yetkazib berish, qabul qilib olish va foydalanishga topshirish jarayoni 10 oy davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.









