Surxondaryoda bronza davriga oid inshootlar, o‘choq va yosh bola qabri topildi

Surxondaryo viloyatidagi Jarqo‘ton arxeologik yodgorligida bronza davriga oid inshootlar, o‘choq va qabrlar topildi. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar berdi.
Jarqo‘tonda arxeologik qazishma va ilmiy tadqiqot ishlari 2026-yilning oktabr oyidan boshlangan. Ekspeditsiyaga Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti katta ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi Komil Rahimov rahbarlik qilmoqda.
Qazishmalar davomida yodgorlik hududidan xom g‘ishtdan qurilgan inshootlar va diametri 70 santimetr bo‘lgan o‘choq topilgan. Bu topilmalar Jarqo‘tondagi qurilish an’analari va turar joylar tuzilishini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega. Yodgorlik qabristonining g‘arbiy qismida olib borilgan qazishmalar vaqtida qabrlardan birida to‘rtta butun sopol idish aniqlangan.
Shuningdek, yodgorlikning asosiy hududidan tashqarida o‘tkazilgan qazish ishlari natijasida yosh bola qabri, Sopolli madaniyatining Jarqo‘ton bosqichiga oid xo‘jalik o‘rasi va aylana shaklidagi ikkita kul o‘rasi topilgan.
Aniqlangan arxeologik topilmalar bronza davriga – miloddan avvalgi III-I ming yilliklarga oid. Ular qadimgi aholining turmush tarzi, xo‘jalik faoliyati, dafn marosimlari hamda yodgorlik hududining tarixiy rivojlanish bosqichlarini chuqurroq o‘rganish imkonini beradi.
Topilmalarni qiyosiy va tipologik tahlil qilish orqali Jarqo‘tonning ayrim hududlari qanday vazifani bajargani va vaqt o‘tishi bilan qanday rivojlanganiga oid yangi ilmiy xulosalar olish kutilmoqda.
Ayni paytda Jarqo‘ton yodgorligida arxeologik qazishma va ilmiy tadqiqot ishlari davom etyapti.









