Samarqanddagi Olimpiadadan qaytgan Afg‘oniston terma jamoasining uch shaxmatchisi chegarada hibsga olindi

Bunga mamlakatda sportning ushbu turi rasman taqiqlangani sabab bo‘lgani bildirilmoqda.
Afg‘oniston hukumati 2025-yilning may oyida diniy e’tiqodiy sabablarni ro‘kach qilib, mamlakat hududida shaxmat o‘ynashni taqiqlab qo‘ygan edi. Hozirda qo‘lga olingan uch nafar sportchining pasportlari musodara qilingani va ular Kobulda uy qamog‘ida saqlanayotgani aytilmoqda.
Ushbu shaxmatchilardan biri EL PAÍS nashriga bergan qisqa izohida chegarada ularni alohida xonalarga qamab qo‘yishganini ma’lum qilgan. Jamoaning to‘rtinchi a’zosi esa chegaradan muammosiz o‘tib ketishga muvaffaq bo‘lgan.
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE)ning yangi saylangan prezidenti Timur Turlov mazkur vaziyatdan xabardor ekanini va sportchilar masalasini ijobiy hal etish bo‘yicha tegishli ishlar olib borilayotganini bildirdi.









