Rossiyadan O‘zbekistonga gaz eksporti 10 milliard kub metrdan oshishi kutilmoqda

Xalqaro energetika agentligining (XEA) jahon gaz bozori bo‘yicha choraklik hisoboti e’lon qilindi. Unga ko‘ra, Rossiya “O‘rta Osiyo — Markaz” magistral gaz quvurlari tizimi orqali O‘zbekistonga gaz eksportini oshirishda davom etmoqda.
2025-yilgi ko‘rsatkich bo‘yicha Rossiyadan gaz yetkazib berish hajmi 14,9 foizga oshib, 5,64 mlrd kub metrdan 6,48 mlrd kub metrgacha yetgan.
2026-yilgi prognozda esa yetkazib berish hajmi 2025-yildagiga nisbatan 40 foizdan ko‘proqqa oshib, 10 mlrd kub metrdan o‘tishi kutilmoqda.
Statistika agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yilda Rossiya va Turkmanistondan import qilingan gazning umumiy qiymati 1,2 foizga pasayib, 1,66 mlrd dollarni tashkil etgan. Import hajmining o‘sishiga ichki bozorda qazib olish ko‘rsatkichlarining pasayishi sabab bo‘lmoqda. 2026-yilning yanvar-may oylarida O‘zbekistonda tabiiy gaz qazib olish o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 14 foizga (2,6 mlrd kub metrga) kamaygan. Bunga mavjud konlarda qazib olishning qiyinlashayotgani sabab qilib ko‘rsatilgan.
Shu davrda Turkmanistonda qazib olish o‘zgarmagan, Qozog‘istonda esa sotuvga tayyor gaz ishlab chiqarish qariyb 8 foizga (1 mlrd kub metrga) kamaygan.
Dunyo miqyosida tabiiy gazga bo‘lgan talab 2026-yilda 0,5 foizga (20 mlrd kub metrga) kamayishi kutilmoqda. Bunga Yaqin Sharqdagi mojaro va Hormuz bo‘g‘ozi orqali suyultirilgan gaz (STG) tashishning cheklangani sabab bo‘lgan. Gaz taqchilligi oqibatida ikkinchi chorakda gaz narxi Yevropada 32 foizga, Osiyodagi spot narxlar esa 45 foizga oshgan.
Avvalroq mehnat migratsiyasida va pul o‘tkazmalari tarkibida Rossiyaga qaramlik darajasi pasayishda davom etayotgani xabar qilingan edi.







