Farg‘onada 24 yoshli yigit oʻzini 15-qavatdan tashladi

Farg‘ona shahrida 24 yoshli yigit ko‘p qavatli uyning 15-qavatidan o‘zini tashlab, vafot etdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsiddinov Portal24.uz’ga ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, hodisa 26-oktabr kuni soat 18:30 atrofida “Shakarqishloq” mahallasi, Tarona ko‘chasida sodir bo‘lgan. 2002-yil 26-iyulda tug‘ilgan K.J. shu manzildagi ko‘p qavatli uyning 15-qavatidan o‘zini tashlagan.
Tezkor-tergov guruhi hodisa joyini ko‘zdan kechirgan. Jarayonda jinoyat izlari yoki shubhali holatlar aniqlanmagan, hodisaga aloqador shaxslardan tushuntirish xatlari olingan.
O‘lim sababini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Ekspertizaning dastlabki ma’lumotnomasida yigitning jigar yorilishi oqibatida vafot etgani ko‘rsatilgan.
Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, Jirlev shizofreniya tashxisi bilan bir necha marta Farg‘ona viloyati ruhiy salomatlik markazida davolangan. U oxirgi marta 2026-yil 4-iyuldan 13-oktabrgacha shifoxonada bo‘lgan.
Marhum foydalangan “Redmi” rusumli telefon tekshiruv uchun prokuratura ixtiyoriga olingan. Undagi ma’lumotlarni tiklash yuzasidan viloyat IIB kiberxavfsizlik bo‘limiga topshiriq yuborilgan. Hodisa joyidagi videokuzatuv kameralari esa bir necha oydan beri ishlamayotgani aniqlangan.
Ayni paytda Farg‘ona shahar prokuraturasi hodisa sabablarini aniqlash bo‘yicha tekshiruv olib bormoqda.







