Rossiyadan O‘zbekistonga avtobus chiptalari sotuvida firibgarlar paydo bo‘ldi

Noma’lum shaxslar o‘zlarini “Uzautotrans service” kompaniyasi vakili sifatida tanishtirib, yo‘lovchilarga soxta chiptalarni o‘tkazishga urinmoqda.
Soxta chiptachilar mijozlarni chalg‘itish maqsadida ijtimoiy tarmoqlar va YouTube platformasida rasmiy tashuvchining foto hamda videolaridan foydalanmoqda. Ular kassa va rasmiy ilovalarda joy qolmaganini iddao qilib, chiptalarni qimmat narxda sotishga urinmoqda, natijada fuqarolar noqonuniy va xavfli tashuvchilar xizmatiga tushib qolmoqda.
Vazirlik rasmiy xalqaro avtobus qatnovlari Moskvadagi “Novoyasenevskaya” va “Kotelniki” avtostansiyalaridan Toshkentga haftaning dushanba va payshanba kunlari amalga oshirilishini eslatib o‘tdi. Muntazam reyslarda chipta narxi 8 500 rublni, jo‘nash kuni tashkil etiladigan qo‘shimcha qatnovlarda esa 7 000 rublni tashkil etadi.
Fuqarolarga chiptalarni faqat avtostansiya kassalari, rasmiy saytlar yoki mobil ilovalar orqali xarid qilish tavsiya etiladi. Mutasaddi idora yo‘lovchilarni shubhali vositachilardan uzoq bo‘lishga va reys haqidagi ma’lumotlarni sinchiklab tekshirishga chaqirdi.








