Qashqadaryoda soliq inspektorlari fuqarolardan soliq uchun olingan pullarni o‘zlashtirdi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qarshi shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda holat aniqlangan. Tekshiruv davomida Qarshi shahar soliq inspeksiyasining davlat soliq bosh inspektorlari M.A., Sh.T. va boshqalar 97 nafar soliq to‘lovchidan jami 122,6 mln so‘mni go‘yoki ularning soliq qarzdorligini so‘ndirish maqsadida olgani mal‘um bo‘lgan.
Qayd etilishicha, mazkur mablag‘lar soliq to‘lovchilarning shaxsiy hisobvaraqlariga kirim qilinmagan. Natijada pullar o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilingani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi, ya’ni o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda ish bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.







