O‘zbekistonliklar eng ko‘p qaysi kitoblarni o‘qimoqda – tahlil

Portal24.uz shu mavzuda tadqiqot o‘tkazdi va O‘zbekistondagi ommaviy nashriyotlarga savol yo‘lladi. Kitoblarning narxlari va qisqacha nima haqida ekani bilan quyidagi natijalarimiz orqali tanishing.
“Asaxiy Books”ning eng ko‘p sotib olingan kitoblar uchligi quyidagicha:
1. Jeyms Klir qalamiga mansub “Atom odatlar” kitobi eng ommabop asar bo‘ldi. Kitob kichik, ammo muntazam odatlar vaqt o‘tishi bilan hayotda katta va barqaror natijalarga olib kelishini tushuntirib beradi. Narxi 49 ming so‘m.
2. Devid Bax, Jon Devid Mannning “Latte omili. Moliyaviy mustaqillik va erkin hayot sari” asari ham kitobxonlar ko‘p mutolaa qilgan kitoblar qatoridan joy oldi. U kundalik kichik xarajatlarni nazorat qilish va muntazam jamg‘arish orqali moliyaviy erkinlikka erishish yo‘llarini aytib beradi. Narxi 59 000 so‘m.
3. Shuningdek, Nikolas Sparksning “Hayot qadri” asari eng ko‘p sotilgan kitoblar qatorida uchunchi bo‘ldi. Mazkur roman o‘quvchiga sevgi, oila va hayotdagi muhim tanlovlar inson taqdirini qanday o‘zgartirishi haqida hikoya qiladi. Narxi 69 000 so‘m.
“Factor Books” nashriyotining eng ommabop sotilgan kitoblari quyidagicha:
1. Badri Rahmiy Hametdinning yozgan “Feride yoxud Choliqushining baxti” asari. Kitob Feridening hayoti, muhabbati va baxt izlash yo‘lini yangi badiiy talqinda yoritib bergan. Narxi 39 ming so‘m.
2. Feya Moranning qalamiga mansub “Sen bir olam, men o‘zga olam” romani bir-biridan farqli dunyoqarash va xarakterga ega insonlarning sevgi, tushunish va o‘zaro munosabatlari haqida hikoya qiladi. Narxi 80 ming so‘m.
3. Mustaqim Jivaning “Qaysar” kitobi esa qat’iyatli insonning hayot sinovlari, irodasi va maqsad sari kurashi haqida hikoya qiluvchi badiiy asar hisoblanadi. Narxi 39 ming so‘m.
Book.uz nashriyotida xaridorlar eng ko‘p tanlagan kitoblar ro‘yxatidan quyidagi asarlar o‘rin oldi:
1. Tomas Harrisning “Qo‘zichoqlar sukunati” romani psixologik triller janrining eng mashhur asarlaridan biri bo‘lib, inson ruhiyati, jinoyat va tergov jarayonlarini hayajonli voqealar orqali yoritadi. (50 ming so‘m).
2. Tomas Eriksonning “Atrof to‘la ahmoqlar” kitobi insonlarning xarakter tiplari, ularni tushunish va samarali muloqot qilish sirlarini sodda va qiziqarli usulda bayon etadi. Narxi 45 ming so‘m.
3. Haluk Yavuzer qalamiga mansub “Baqirmaydigan onalar” kitobi ota-onalar va farzandlar o‘rtasidagi sog‘lom munosabatlarni shakllantirish, bolani zo‘ravonliksiz tarbiyalash bo‘yicha foydali tavsiyalarni o‘z ichiga oladi. Narxi 35 ming so‘m.
“iBook” kitob do‘konining bu yilda eng ko‘p talabgir bo‘lgan kitoblari esa quyidagicha:
1. Fozil Muhammad Odil qalamiga mansub “Alloh biz bilan birga” bu so‘zlarda sabr, Yaratganga yaxshi gumon, yaxshilikka ishonch, bu hayotda umidsizlik va tushkunlikdan qochish haqida fikrlar bor. Narxi 80 ming so‘m.
2. Ortiqali Ibrohimjon o‘g‘li va Yorqinjon Saidolim o‘g‘lining “Alloh kimni yaxshi ko‘radi” kitobi Allohning sevgisini qozonish uchun mo‘min kishi qanday fazilatlarni rivojlantirishi kerakligini yoritadi. Kitobda Qur’on oyatlari va Payg‘ambar Muhammad (s.a.v.)ning hadislariga asoslangan hikmatli so‘zlar orqali o‘quvchini ruhiy kamolot sari yetaklaydi. Ushbu asar islomiy bilimlarni oshirish va qalblarni ravshanlashtirish maqsadida yozilgan bo‘lib, har bir mo‘min uchun qimmatli manba hisoblanadi. Narxi 98 ming so‘m.
3. “Baxtga yo‘llanma” kitobi buyuk mutaffakkir, “Ikkinchi Muallim” sifatida e’tirof etilgan Abu Nasr Forobiyning “Risolat at-tanbih ala sabil as-sa’ada”nomli mumtoz falsafiy asarining Said Komil Muhammad Karim tomonidan tayyorlangan zamonaviy tarjimasi va sharhidir. Kitobning bosh g‘oyasi shundan iboratki, haqiqiy saodat o‘tkinchi lazzatlar, shon-shuhrat yoki mol-dunyodan topilmaydi. Balki unga inson faqatgina bilimni egallash, o‘zida go‘zal xulq va o‘tkir zehnni ongli ravishda shakllantirish orqali erisha oladi. Narxi 58 ming so‘m.
“Hilol nashr”ining bu yilda eng ko‘p haridorgir kitoblar ro‘yxatini Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning qalamiga mansub bo‘lgan kitoblar egalladi.
Ulardan ilki “Baxtiyor oila” bo‘lib, kitob Islom dinining oilaviy munosabatlarga oid ahkomlarining keng va batafsil sharhi bo‘lib, musulmon kishi oilaviy hayotga oid bilishi lozim bo‘lgan barcha masalalarni o‘z ichiga oladi. Narxi 78 ming so‘m.
Ikkinchi o‘rinda esa “Iymon” kitobi bo‘lib, islomiy-maʼrifiy asar boʻlib, u islom dinining asosiy tamal toshi – iymon masalasiga bagʻishlangan. Asar kitobxonlarga iymon mohiyatini va uning inson hayotidagi oʻrnini chuqur tushunishga yordam beradi. Narxi 54 ming so‘m.
Shuningdek, uchinchi o‘rinda eng ko‘p sotilgan kitob “Ruhiy tarbiya” bo‘lib, asar insonning qalbini poklash, nafsini tarbiyalash va go‘zal axloqni shakllantirishga bag‘ishlangan. Kitobda Qur’on va hadislar asosida ixlos, sabr, shukr, tavba, taqvo kabi fazilatlarning ahamiyati hamda hasad, kibr va riyo singari illatlardan saqlanish yo‘llari tushuntirilib, insonning Alloh va jamiyat oldidagi mas’uliyati yoritiladi. 1,2,3-juzlar jami 248 ming so‘m.
“Sarmoya Books” kitob do‘konida bu yil eng ko‘p talab qilingan kitoblar quyidagicha:
1. “Baxtiyor oila” – oilaviy munosabatlarni mustahkamlash, er-xotin o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, ishonch va mas’uliyatni yorituvchi asar. Kitobda sog‘lom oila qurish, farzand tarbiyasi hamda oiladagi muammolarni oqilona hal etish bo‘yicha tavsiyalar berilgan. Narxi 110 ming so‘m.
2. Usoma Muslim qalamiga mansub “Binafsha shulasi” (1 va 2-qismlar) – sir-sinoat, mistik voqealar va falsafiy mushohadalarga boy asar. Unda kitobsevar qahramonning sirli kutubxonaga tushib qolishi, u yerda ro‘y beradigan g‘aroyib hodisalar va qo‘rquvga boy sarguzashtlari tasvirlanadi. Asar chuqur ramzlar va ruhiy izlanishlar asosiga qurilgan bo‘lib, binafsha rangi intuitsiya hamda ma’naviyat ramzi sifatida talqin etiladi. Birinchi qism 75 ming so‘m.
3. Robert Grinning “Hokimiyatning 48 qoidasi” – hokimiyatga erishish, uni saqlab qolish va odamlar bilan munosabatlarda strategik fikrlash usullarini yorituvchi asar. Muallif tarixiy shaxslar va voqealar misolida ta’sir o‘tkazish, yetakchilik, raqobat hamda inson psixologiyasiga oid 48 ta qoidani izohlaydi. Kitob siyosat, biznes va boshqaruv sohasiga qiziquvchilar uchun foydali qo‘llanma hisoblanadi. 100 ming so‘m
Kitob do‘konlari ma’lumotlari shuni ko‘rsatadiki, o‘zbek kitobxonlarining qiziqishi yildan yilga rang-baranglashib bormoqda. Badiiy adabiyot, shaxsiy rivojlanish, psixologiya, moliyaviy savodxonlik va diniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi kitoblar birdek talabgir. Shu bilan birga, Usoma Muslim, Nikolas Sparks va Tomas Harris kabi mualliflarning badiiy asarlari ham kitobxonlar e'tiboridan chetda qolmayapti. Bu esa kitobxonlarning nafaqat yangi bilim olish, dunyoqarashini kengaytirish va o‘z ustida ishlash, balki maroqli mutolaadan bahramand bo‘lishga ham intilayotganidan dalolat beradi.
Bizningcha, kitoblarning eng ko‘p sotilishi ularning eng yaxshi ekanini anglatmaydi. Biroq bu ro‘yxat bugungi kitobxon nimani izlayotgani, uni qanday mavzular o‘ylantirayotgani va qanday savollarga javob topishga urinayotganini yaqqol aks ettiradi. Barchasidan ham muhimi, kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqish ortib bormoqda.
Savollarga javob yo‘llab, tahlil uchun hissasini ayamagan nashriyotlarga Portal24.uz o‘z minnatdorligini bildiradi.








