O‘zbekistonda ta’lim bilan birgalikda tibbiyot sohasini nazorat qilish ham Erkinjon Turdimovga yuklatilmoqda

Yangi tuzilma doirasida 12 ta shtat birligidan iborat Ta’lim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash masalalari kotibiyati tashkil etiladi.
Yangi vazir ta’lim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash sohalariga oid vazifalarni bajarishda vazirliklar, qo‘mitalar, agentliklar hamda hududiy hokimliklar rahbarlarining faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi va ularni muvofiqlashtiradi. Ushbu lavozimga Ta’lim va ilm-fan vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Fanlar akademiyasi hamda bir qator ixtisoslashgan va kasbiy ta’lim agentliklari biriktirilgan.
Shuningdek, ta’lim muassasalarida o‘quvchi va talabalar o‘rtasida giyohvandlik hamda tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi hamda ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash masalalari ham bevosita muvofiqlashtirib boriladi.
Farmon bilan Hukumatga ikki hafta muddatda yangi lavozimning funksional vazifalari va kotibiyat to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash yuzasidan tegishli qaror qabul qilish topshirilgan.









