O‘zbekistonda ikki yangi davlat mukofoti ta’sis etildi: fidoiylarga 8,8 million so‘mdan beriladi

Yangi mukofotlar jamiyatda fidoyilik ko‘rsatgan hamda sanoat va ishlab chiqarish sohasini rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shgan shaxslarni rag‘batlantirishga qaratilgan.
“Inson faxri” milliy mukofoti ijtimoiy himoya, mardlik va og‘ir ahvoldagi insonlarga yordam qo‘lini cho‘zgan fidoyilarga beriladi. Arizalar har yili 15-martdan 1-iyungacha qabul qilinib, maxsus ishchi guruh saralagan eng munosib 50 nafar g‘olib 1-oktyabrgacha aniqlanadi. Saralangan sovrindorlarga 1-dekabrgacha tantanali ravishda statuetka, diplom va bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari, ya’ni 8,8 million so‘m pul mukofoti topshiriladi.
Shuningdek, “Sanoat rivojiga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoni bilan yangi ish o‘rinlari yaratgan, ishlab chiqarishga ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etgan hamda eksport hajmini oshirgan soha xodimlari taqdirlanadi. Ushbu mukofotga nafaqat mahalliy tadbirkorlar va mutaxassislar, balki xorijiy investorlar hamda chet el fuqarolari ham loyiq ko‘rilishi mumkin.
Ko‘krak nishoni uchun nomzodlar bo‘yicha taqdimnomalar har yili 10-mayga qadar Iqtisodiyot va moliya vazirligiga kiritiladi. Mukofotlar o‘z egalariga har yili 27-iyun – Xalqaro sanoat xodimlari kuni arafasida topshiriladi. Qoidaga ko‘ra, fuqarolar ushbu mukofot va nishonlarning har biri bilan faqat bir marotaba taqdirlanishi belgilangan.







