O‘zbekistonda farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi chorak qismga oshdi

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 24,9 foizlik o‘sishni ko‘rsatmoqda.
Ishlab chiqarish hajmining asosiy ulushi poytaxt hissasiga to‘g‘ri keldi – Toshkent shahrida 2,4 trillion so‘mlik dori-darmon va tibbiy vositalar tayyorlangan. Shuningdek, Sirdaryo viloyatida 913,7 milliard so‘mlik hamda Toshkent viloyatida 332,5 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, yetakchi hududlar qatoridan joy oldi.
Respublikaning boshqa hududlarida ham dori-darmon ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari qayd etildi. Xususan, Namangan viloyatida 256,5 milliard so‘m, Samarqandda 167,6 milliard so‘m, Andijonda 92,6 milliard so‘m, Farg‘onada 67,7 milliard so‘m va Surxondaryoda 65,2 milliard so‘mlik farmatsevtika mahsulotlari tayyorlandi.
Qolgan viloyatlarda esa ko‘rsatkichlar nisbatan pastroq natijani ko‘rsatdi. Xorazmda 21,7 milliard so‘m, Qashqadaryoda 20,3 milliard so‘m, Buxoroda 11,2 milliard so‘m, Qoraqalpog‘istonda 4 milliard so‘m hamda Navoiy va Jizzaxda 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan hajmda ishlab chiqarish amalga oshirildi.







