Oʻzbekiston va Ozarbayjon Kaspiy dengizida qoʻshma flot tashkil etadi

Oʻzbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri oʻrinbosari Xurram Teshaboyev ma’lum qiladiki, ikki mamlakat mintaqaviy aloqalarni mustahkamlash doirasida transport infratuzilmasi va dengiz logistikasini kengaytirish loyihalarini amalga oshirmoqda.
Rejalashtirilayotgan yangi qoʻshma korxona Oʻzbekistonning “Temiryo‘lkargo” korxonasi hamda Ozarbayjon Kaspiy dengiz kemachiligi (ASCO) kompaniyasini birlashtiradi. Ushbu tashabbus multimodal yuk tashuvlari samaradorligini oshirish hamda eksportchilar uchun logistika xarajatlarini kamaytirishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda Boku xalqaro dengiz savdo porti Oʻzbekiston eksport yuklarini xalqaro bozorlarga olib chiqishda asosiy darvozaga aylangan. Keyingi yillarda ushbu yoʻnalish boʻyicha yuk tashish hajmi barqaror oʻsib, tovarlar turlari kengaymoqda. Shuningdek, Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻzaro yuk tashishda imtiyozlar berish va logistika jarayonlarini soddalashtirish orqali oʻtish yoʻlagining raqobatbardoshligini oshirish ustida birgalikda ishlamoqda.







