Rog‘un GESida yoriqlar paydo bo‘ldimi? O‘zbekiston uchun xavf nimada?

Tojikistondagi Rog‘un GES qurilishida bir hafta oldin yuz bergan hodisa haqida rasmiy ma’lumot faqat 28-oktyabrda e’lon qilindi. Voqea atrofida ikki xil talqin tarqalmoqda: ijtimoiy tarmoqdagi videolar qurilish hududida favqulodda holat yuz berganini va pastga suv oqib tushayotganini ko‘rsatgan, bu esa to‘g‘onda yoriq paydo bo‘lgan degan taxminlarga sabab bo‘ldi. Rasmiy ma’lumotlar esa tunnel ichidagi texnik rezervuarlar haqida gapiradi. Bu ikki narsa bir-biridan farq qiladi.
O‘zi nima bo‘ldi?
Tojikiston rasmiylarining aytishicha, hodisa 21-oktyabr kuni soat 16:15 atrofida GESning “B” seksiyasidagi qurilish tunnelida, sementlash ishlari paytida yuz bergan. Suv yig‘ish uchun mo‘ljallangan yuqori rezervuar yorilgach, pastdagisi ham shikastlangan, ikkalasidagi texnik suv ishchilar turgan joyga quyilgan. Hodisa vaqtida u yerda Sino Hydro subpudrat kompaniyasi ishchilari bo‘lgan.
Rasmiy bayonotlarda to‘g‘onning shikastlangani haqida gap yo‘q.
Jarohatlanganlar soni bo‘yicha ma’lumotlar esa bir-biriga zid. Rasmiylar hech kim jarohatlanmagan, ishchilar ishga qaytgan deydi, mustaqil media sahifalar esa kamida besh ishchi jarohat olgani haqida yozmoqda.
O‘zbekistonga ta’siri
Rog‘un qurilishi yakunlangach, u dunyodagi eng baland to‘g‘onga aylanishi rejalashtirilgan. Amudaryoning o‘rta va quyi oqimida joylashgan O‘zbekiston uchun bu daryo orqali keladigan suv miqdoriga ta’sir qilishi mumkin degan xavotir mavjud. Bundan tashqari, seysmik faol mintaqada joylashgan to‘g‘on zilzila tufayli jiddiy shikastlanishi hamda quyi oqimdagi aholi yashash manzillarini suv bosishi ehtimoli haqida ham gapiriladi. Bu masala hamon bahsli.
Yillar avval ayni loyiha sabab Islom Karimov va Emomali Rahmon o‘rtasida ziddiyat kelib chiqqani aytiladi. Kuzatuvchilarga ko‘ra, Rog‘un O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi va Orol uchun zarur suv miqdorini keskin kamaytirib yuborishi mumkinligi rasmiy Toshkentni xavotirga solgan edi. Biroq, Tojikiston loyihani rivojlantirishda davom etdi. Mirziyoyev davrida esa O‘zbekiston pozitsiyani yumshatdi va o‘zaro muloqotni qayta tikladi.








