O‘zbekiston harbiylari Buyuk Britaniyadagi musobaqasida kumush medalni qo‘lga kiritdi

Dunyoning 35 ga yaqin mamlakatidan kelgan 140 dan ortiq patrul guruhlari orasida o‘zbekistonlik vakillar yuqori tayyorgarlik darajasini namoyish etishdi.
AQSh, Fransiya, Germaniya, Italiya hamda Pokiston kabi yetakchi davlatlar harbiylari qatnashgan mazkur bellashuvda ishtirokchilar 48 soat davomida murakkab tog‘li va botqoqli hududlarda 70 kilometrga yaqin masofani bosib o‘tishdi. Sinovlar davomida razvedka topshiriqlarini bajarish, shartli jangovar holatlarda harakat qilish, to‘siqlarni yengib o‘tish hamda yaradorlarga birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha ko‘nikmalar sinovdan o‘tkazildi.
Shuningdek, harbiylarning kimyoviy, biologik va radiatsiyaviy tahdidlar sharoitida to‘g‘ri va tezkor harakat qilish qobiliyati ham baholandi. 1959-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan ushbu nufuzli musobaqada O‘zbekiston jamoasi muntazam ravishda sovrindorlar safidan joy olib kelmoqda.







