Issiqxona xo‘jaliklari uchun soliqlar nolga tushirilib, 300 million so‘mgacha imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratiladi

Prezident qaroriga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun qo‘shilgan qiymat hamda foyda solig‘i stavkalari 0 foiz etib belgilandi.
Daromadining kamida 60 foizini issiqxona faoliyatidan oladigan xo‘jaliklar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 2026-yil 1-yanvardan 1 foizga tushiriladi. Shuningdek, 2027-yildan e’tiboran ushbu toifadagi tadbirkorlar uchun mol-mulk va yer soliqlari stavkalari 50 foizga kamaytiriladi.
Energiya samarador va “yashil” isitish tizimlaridan foydalanadigan issiqxonalarga kuz-qish mavsumida sarflangan elektr energiyasi narxining yarmi subsidiya sifatida qoplab beriladi. Toshkent viloyatining qator tumanlaridagi aholi tomorqalarida energiya tejovchi uskunalar o‘rnatish xarajatlarining 40 foizigacha, ya’ni 100 million so‘mgacha bir martalik yordam puli ajratiladi.
Bundan tashqari, “yashil” texnologiyalarga asoslangan yangi issiqxonalar barpo etish uchun 300 million so‘mgacha, mavjudlarini modernizatsiya qilish uchun esa 150 million so‘mgacha bo‘lgan miqdorda imtiyozli kreditlar taqdim etilishi belgilandi.








