Isroildagi o‘zbekistonliklar favqulodda xavfsizlik choralarini ko‘rishga chaqirildi

O‘zbekistonning Isroildagi diplomatik vakolatxonasi ushbu hududda bo‘lib turgan vaqtincha va doimiy yashovchi fuqarolarni yuqori darajadagi hushyorlikni saqlashga chaqirdi. Murojaatda Isroil Fuqaro front orti qo‘mondonligi (Home Front Command) kabi rasmiy idoralarning ko‘rsatmalariga qat’iy rioya qilish hamda harakatlanishda xavfsizlik cheklovlarini hisobga olish so‘ralgan.
Elchixona fuqarolarga o‘z yashash va ish joylariga eng yaqin joylashgan boshpana (bunker) xaritasini bilib olishni, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni doim yonida olib yurishni hamda tasdiqlanmagan mish-mishlarni tarqatmaslikni tavsiya etgan.
Vakolatxona vaziyat to‘liq nazoratda ekanini bildirgan holda, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda fuqarolardan elchixonaning tezkor aloqa (navbatchilik) liniyalariga murojaat qilishni so‘ramoqda.







