O‘zbekiston notasidan so‘ng Eron elchixonasi Samarqand haqidagi postni o‘chirib tashladi

AQSH Davlat kotibi (Tashqi ishlar vaziri) Marko Rubio 18-20 oktabr kunlari O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Bu yerda AQSH va Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari ishtirokida C5+1 formatida uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
AQSH rasmiysi O‘zbekistonga tashrifi doirasida Samarqanddagi Registon ansambliga ham borib, o‘zbek xalqining tarixiy obidalari, an’analari bilan tanishdi. Shu yerda OAV bilan uchrashuv ham o‘tkazildi.
Shundan so‘ng, Rubioning Samarqanddagi Registon ansamblida tushgan suratlari Eron Islom Respublikasining elchixonalari sahifalarida paydo bo‘ldi. Ushbu suratlar ostiga Samarqand va Registon forsi sivilizatsiyasining bir qismi ekani, Samarqanddagi me’morchilik obidalar fors madaniyati merosi ekani haqidagi postlar yozildi.
Bu ijtimoiy tarmoqlarda keskin muhokamalarga sabab bo‘ldi.
23 oktyabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Eron elchisi Muhammad Ali Iskandariyni chaqirtirib, unga O‘zbekistonning qat’iy e’tirozini ifodalovchi norozilik notasini topshirdi. Bunga Eronning xorijdagi qator diplomatik vakolatxonalari tomonidan Samarqandning tarixiy-madaniy merosini biryoqlama va siyosiy maqsadlarda talqin qiluvchi materiallar e’lon qilinishi sabab bo‘lgani qayd etildi.
Eron tomoniga tegishli postlarni o‘chirib tashlash va kelgusida bunday holatlar takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik talabi qo‘yildi. 26 oktyabr holatiga ko‘ra, Eronning Armanistondagi elchixonasi Samarqand haqidagi bahsli postini o‘z sahifasidan olib tashladi.








