Buxoroda 14 kunlik chaqaloq oshqozonidan to‘g‘nog‘ich olindi

Buxoro viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga tinimsiz qusish va bezovtalikdan shikoyat qilgan 14 kunlik chaqaloq olib kelingan. Markazda o‘tkazilgan rentgen tekshiruvida uning oshqozonida to‘g‘nog‘ich borligi aniqlangan.
Shifokorlar yot jismni jarrohlik kesishisiz, ezofagoskop apparati orqali maxsus qisqich yordamida olib tashlagan. Amaliyot 10–15 daqiqa davom etgan va qon ketish kuzatilmagan.
Hozir chaqaloqning ahvoli yaxshi. Markaz shifokorlarining ma’lum qilishicha, uning tana harorati, yurak urishi va nafas olishi me’yorida, umumiy holati ham barqaror. Bolaning yaqinlari tibbiyot xodimlariga ko‘rsatilgan tezkor yordam uchun minnatdorchilik bildirgan.









