Bo‘stonliqda fuqarodan 4 gektar yerni rasmiylashtirish uchun 840 ming AQSh dollari talab qilgan tadbirkor ushlandi

Toshkent viloyati bo‘stonliq tumanida fuqarodan 9 gektar yer maydonidan iborat noturar obyektning 4 gektar yer maydonida turarjoy binolari qurilishini hujjatlashtirib berishni vaʼda qilib 840 ming AQSh dollari talab qilgan tadbirkor ushlandi.
1970-yilda Xorazm viloyatida tugʻilgan, qurilish materiallari savdosi bilan shugʻullanuvchi bir nechta korxona egasi huquq-tartibot idoralariga yordam soʻrab murojaat qilgan shaxsga Boʻstonliq tumanida joylashgan 9 gektar yer maydonidan iborat noturar obyektning 4 gektar yer maydonida turarjoy binolari qurilishini hujjatlashtirib berishni vaʼda qiladi.
U oʻzining Respublika Bosh kadastr agentligida ishlovchi vakolatli mansabdor tanishlariga pora berish orqali turarjoy binosini hujjatlashtirish hamda mazkur yer maydonida kelgusida turarjoy binolari qurishga ruxsat olib berishga ishontirgan. Firibgarlik va mansabdor shaxslarga pora berish kabi jinoiy holatlarni sodir etib, yordam soʻragan shaxsdan oldindan 100 ming, keyinchalik esa 740 ming AQSh dollari, jami 840 ming AQSh dollari pul talab qilib kelayotganligi aniqlangan.
Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti xodimlari tomonidan Toshkent shahar Yunusobod tumanida oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushbu fuqaro Yunusobod tumanida joylashgan restoranlarning birida murojaatchidan oldindan talab qilingan 100 ming AQSh dollari miqdoridagi pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.
Mazkur holat yuzasidan ushbu jinoiy harakatni sodir etgan shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi va 28-moddasi orqali 211-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.







