Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun javobgarlik kuchaytirildi. Nimalar o‘zgardi?

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-otyabrda bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga qaratilgan qonunni imzoladi. O‘RQ–1180-sonli hujjat bilan bir qator kodeks va qonunlarga o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar kiritildi.
Jinsiy jinoyatlar uchun jazo kuchaytirildi
14 yoshga to‘lmagan bolaga nisbatan zo‘rlik ishlatib sodir etilgan nomusga tegish yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirganlik uchun 15 yildan 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoxud umrbod qamoq jazosi belgilandi.
Javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlarda qasddan odam o‘ldirish va terrorizm kabi qonunda ko‘rsatilgan jinoyatlar uchun ham umrbod ozodlikdan mahrum qilish tayinlanishi mumkin. Bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan shartli hukm qo‘llanmaydi.
Ota-onalarning javobgarligi oshirildi
Ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash majburiyatlarini bajarmasa, BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha jarimaga tortilishi mumkin. Ayrim boshqa holatlar uchun jarima miqdori oshirilib, 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi ham belgilandi.
Zararli axborot uchun jarima
Bolalarning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborot mahsulotlarini tayyorlash, tarqatish yoki internetga joylashtirish uchun javobgarlik joriy etildi. Bunday mahsulot musodara qilinadi, fuqarolarga BHMning 7 baravari, mansabdor shaxslarga esa 50 baravari miqdorida jarima solinadi.
Bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar qarorlarini bajarmaslik yoki ularni bajarishga to‘sqinlik qilish uchun fuqarolarga 3–5 BHM, mansabdor shaxslarga 5–7 BHM miqdorida jarima belgilanadi.
Zo‘ravonlik qilgan xodim ishdan bo‘shatilishi mumkin
Bola tarbiyasi va ta’limi uchun mas’ul ta’lim tashkiloti xodimi bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgani uchun javobgarlikka tortilsa, bu mehnat shartnomasini bekor qilishga qo‘shimcha asos bo‘ladi.
Bolalarga davlat hisobidan advokat beriladi
Zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh bo‘lgan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladi. Jinsiy zo‘ravonlikka oid jinoyat ishlari bo‘yicha voyaga yetmagan jabrlanuvchi va guvoh uchun davlat hisobidan advokat ishtiroki ta’minlanadi.
Ayrim holatlarda, jumladan, zo‘ravonlikni bolaning yaqin qarindoshi sodir etgan bo‘lsa, tergov va sud jarayonlarida vasiylik va homiylik organi vakili qatnashishi shart.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.








