Behzod Musayev yangi lavozimga tayinlandi

Migratsiya agentligining sobiq rahbari Behzod Musayev “Vatandoshlar” jamoat fondi boshqaruv raisi etib tayinlandi. Bu fond saytidag ma’lumotlarda ko‘rsatib o‘tilgan.
Behzod Musayev yangi lavozimda 2021-yil sentabrdan buyon ishlab kelayotgan Odiljon Sattorov oʻrnini egallagan. Sattorov hozirda idora saytida boshqaruv raisi oʻrinbosari sifatida qayd etilgan.
“Vatandoshlar” jamoat fondi prezident qarori bilan 2021-yilda, xorijdagi vatandoshlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish maqsadida tashkil etilgan. Uning faoliyatini boshlash uchun 5 milliard soʻm ajratilgandi.
Eslatib oʻtamiz, Behzod Musayev 2024-yildan 2026-yilgacha Migratsiya agentligi direktori boʻlib ishlagan.
Bunga qadar Musayev Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri lavozimida faoliyat olib borgan. Shuningdek, u Sogʻliqni saqlash vaziri, Ijtimoiy rivojlanish masalalari boʻyicha bosh vazir oʻrinbosari, Hisob palatasi va Davlat soliq qoʻmitasi raisi lavozimlarida ham ishlagan.







