Andijonda tormozi buzilgan Howo yuk mashinasi 7 ta avtomobil va do‘konlarni pachoqlab, 3 kishining umriga zomin bo‘ldi

Oqibatda 3 nafar fuqaro voqea joyida halok bo‘ldi, yana 4 kishi, jumladan yuk mashinasi haydovchisi ham og‘ir jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizildi.
Hodisa 10-oktyabr kuni soat 09:40 atrofida Buloqboshi tumanining "Neftchilar" mahallasida sodir bo‘lgan. Katta tezlikda boshqaruvdan chiqqan yuk mashinasi harakatlanib kelayotgan Cobalt, Nexia, BYD Song Plus hamda Nexia-2 avtomobillariga borib urilgan. Shuningdek, u yo‘l chetida to‘xtab turgan Nexia-3, Damas va Matiz rusumli transport vositalarini va yo‘l bo‘yidagi savdo do‘konlarini pachoqlab yuborgan.
Ushbu mudhish YTH yuzasidan Buloqboshi tumani Ichki ishlar bo‘limi huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi (odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati xavfsizligi qoidalarini buzish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda mutasaddi idoralar tomonidan dastlabki tergov va surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.









