Xitoy O‘zbekistonga to‘rtta J-10CE harbiy qiruvchisini yetkazib bergani aytilmoqda

“Defence Security Asia” nashrining yozishicha, O‘zbekistonga 24 ta shunday harbiy samolyot yetkazib berish bo‘yicha shartnoma mavjud. Narxi 40–50 million dollar atrofida baholanayotgan ushbu Xitoy samolyoti G‘arbning “4+” avloddagi muqobil qiruvchilariga nisbatan ancha arzon hisoblanadi.
Tahlilchilarning ta’kidlashicha, zamonaviy radarlar (AESA) hamda ko‘rish maydonidan tashqaridagi nishonlarni uruvchi raketalar bilan jihozlangan J-10CE modeliga xalqaro qurol bozorida qiziqish ortmoqda.
Mutaxassislarning qayd etishicha, 24 ta samolyotdan iborat to‘liq flotni o‘zlashtirish bir qancha vaqtni oladi. Bu uchuvchilar tayyorgarligi, infratuzilmani qayta jihozlash, ehtiyot qismlar ta’minoti hamda texnik xizmat ko‘rsatish malakasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqdir.







