Tojikistondagi Rog‘un to‘g‘oni balandligi 190 metrga yetib, rejalashtirilgan marraning yarmi zabt etildi

Suv omboridagi suv sathining ko‘tarilishi stansiyadagi mavjud ikki turbina orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini oshirish imkonini beradi.
Loyiha bo‘yicha to‘g‘on tanasining yarmidan ko‘p qismi barpo etib bo‘lingan va Vaxsh daryosi oqimi ikkita yerosti tunneli orqali yo‘naltirilib, poydevor mustahkamlangan. Zichlangan beton hamda burg‘ilash ishlari orqali suv o‘tkazmaydigan parda yaratilmoqda. Barcha oltita turbina to‘liq ishga tushirilgach, stansiyaning umumiy quvvati 3600 megavattga yetadi va bu mamlakatdagi elektr energiya ishlab chiqarish hajmini ikki baravar oshiradi.
Dastlab ichki bozordagi tanqislikni qoplash uchun mo‘ljallangan ushbu ulkan inshoot keyinchalik mintaqaviy energetika almashinuviga ham xizmat qiladi. Xususan, ishlab chiqarilgan elektr energiyasini O‘zbekiston hamda Qozog‘istonga eksport qilish rejalashtirilmoqda. To‘liq yakunlanishi uchun yana taxminan 5,8 milliard dollar talab etiladigan mazkur gidrostansiya yiliga 14,4 milliard kVt·soat energiya berish quvvatiga ega bo‘ladi.








